суббота, 9 декабря 2017 г.

Toshkent. Ikki yil (Talabalik daftaridan)

Poytaxt yo`llarida
raqs tushar yomg`ir.
Avtolar izidan
sachrab ketar dur.
Shovqinzor oralab
kezaman horg`in,
soyabonsiz ko`nglim,
sen ham birga yur.

Tiqilinch avtobus
to`xtar bekatda.
Oylik yo`l chiptasi
jonimga oro.
Suqilib kirmasang
agar hayotda,
manzilga yetmoqqa
yo`q ekan chora.

Axir, tramvaylar
ketgan shahardan.
Temir izlari ham
olib tashlangan.
Shahar torlik qilib
mashinalarga,
ko`chalarni
qayta qurish boshlangan.

Bizdan keyingilar
uni ko`rmaydi
go`yo u hech qachon
o`tmagan kabi
va hech bir vaqt
“Ин-яз” talabalari
“9” tramvayni
kutmagan kabi.

O dahshat,
kunlardan bir kuni kelib,
men ham tramvaydek
yo`q bo`lib ketsam.
Yo`llardan otsalar
izimni yulib
va asfalt tortsalar
men yo`qdek, beg`am.

     ***
Avtobusda esa
dimiqqan hayot,
bekatdan bekatga
tirbandlashar u.
Sen ham shu yerdami,
ey ko`nglim?
Hayhot,
nega chiqib olding?
yo`lkirang yo`q-ku.

Chiptachi keladi
Odam oralab,
Mana, yo`lovchilar
Boshlar himmatni.
Orqada bir o`ris
Tirbandlikni deb
So`kadi
Toshshahartransxizmatni.

Va navbat yetadi
Bizga shu zayil,
Sizda nima ekan.
Qaraydi zimdan.
Bir chekkada ko`nglim
Ketar mung`ayib.
Bunga kim to`laydi?
Men esa jimman.

Ko`nglim bir bekatda
Tushib qoladi,
Chiptachi nimadir deydi
Gurdanib.
Qolgan masofani
Yayov boradi.
Axiyri shunga ham
Ketdi o`rganib.

Nima ham qilardi
Chiptachi xotin,
Ehtimol, ko`nglini
G`ashlab chiqadi.
Axir, bu shaharda
Hamma yo`lovchi
Yuragini uyga
Tashlab chiqadi.

Olgisi kelardi
Kim ham bo`yniga
O`z qalbining
Xatti gunohnomasin
Chiptachiga tutdim
Oylik chiptani
Hamda talabalik guvohnomasin.

O`zimga o`xshamay
Ketganim chin-da,
U bir menga boqdi,
Suratimga bir.
Va dedi:
Ikki yil bo`libdi berilganiga,
Lekin bir yil uchun
Bosilgan muhr.

Ikki yil tuzingdan
Totibman, Toshkent,
Ikki yil dunyoni
Taniganim rost.
Ikki yil eng tiniq
Orzularni deb
Sening ko`klaringda
Qilibman parvoz.

Endi qaytib tushish
Payti yetdimi?
Kun ko`rib bo`lmaydi
Orzuni sotib.
Menga qanot bo`lgan
Qanotsiz qushni
Katta hayot ichra
Yubordim otib.
 
***
Avtobus to`xtadi,
Tushib qoldim men.
Piyoda-piyoda
Davom etar yo`l.
Horiqqan ko`nglimni
Kutib oldim men,
Endi qayerlarga
Bizni eltar yo`l.

Yonimdan
Odamlar daryosi oqar,
Kimdir uyga,
Kimdir ishga shoshadi.
Kimdir ko`ngillarning
Chirog`in yoqar,
Kimdir ishonchingni
Yulqib qochadi.

Qizlar o`tib borar
Qator va qator,
Yuzlariga urib
Soxta ranglarni.
Go`yoki umrining
To`rt fasli bahor,
Qayga ketayotganin
Ular anglarmi?

Ular anglarmikan
Yelkasidagi
Oilaning,
Elning,
Yurtning shanini?
Qishloqning kechagi
Iffatli qizi
Bugun-chi,
Ko`z-ko`zlab o`tar tanini.

Yo Xudo, deyman-u
Tilni tiyaman.
Axir, ular bizga
Nomus-ku, or-ku.
Axir, millat uchun
Alpomishlarni
Tortiq qiladigan
Qizlari bor-ku!

Odamlar oqadi
Tinmay har damda
Salom-u alikni
Qilishib kanda.
Oqibat olislab
Ketar ekan-da,
Shunday shiddat bilan
Yashayotganda.

Bir onaxon kelar 
Qo`llarida yuk,
To`xtab,
So`ng hansirab
Yana odimlar.
Roliklardagidek
Yordamchilar yo`q,
Turtinib o`tadi
Unga odamlar.

Ko`nglim
Borgin deydi,
Qollaridan tut,
Men-chi, boshqalardek
Turtib o`taman.
Motam tutgan kabi
Ko`nglimda sukut,
Vijdonni
Qult etib yutib o`taman.

Va bunga hech kimsa
Sochmaydi g`azab
Yoki bu hech kimni
Qoldirmas qoyil.
Hamma o`zi uchun yashaydi degan
Megapolislarga
Xos bu tamoyil.

Taraqqiyot guvlar
Har eshiklarda,
Dam nedir buzilar,
Dam nedir yashnar.
Ona Toshkent esa
Beshiklarida
Kap-katta hayotni
Allalab yashar.

***
Mana yaqinlashdik
Qadrdon yerga,
Ikki yillik umrim
Uning poyida.
Musofir Oqibat
Kutib oladi
Bizni
Talabalar turar joyida.

O, menga qadrdon 4-qavat,
Boshimni osmonga
Eltgan zinalar,
Sening ostonangdan
Boshlanadi baxt,
Sening ostonangda
Tugar ginalar.

Bunda farq qilmaydi
Talabalarning
Budjet va kontrakt toifalari.
Yoqimli hattoki
Dilya opaning
Bizga yoqmaydigan
Qoidalari.

TTJ xonasi 
Qadrdon go`sha,
Kuyganim,
Suyganim o`zing guvohi.
Lekin o`zgarmading
Sen  o`sha-o`sha,
Senga singmadimi
Ko`nglimning ohi?

Ammo men ozgardim
Va yana kimlar
Ishqim ado bo`ldi,
Yig`ladim, yondim.
Menga hamdard bo`ldi
Mehrli qo`llar,
Keyin o`sha qo`llar
Qayga yo`qoldi?

3-TTJ, 4-qavat,
30 ta xonangga
Sig`may qoldim men.
Tordek bo`lib ketdi 
Dunyolari ham,
Kimlarni boy berdim,
Bilmay qoldim men.

Va mana ko`nikdim,
Kuymay qo`ydim men:
Ko`nglimni bag`riga
Olmoqda jismim.
Kenglik qilar ekan
Endi bildim men
Hatto bir xonaning
Uchdan bir qismi.

    ***
Talabalik davrim 
Olov davrim shu,
Balki, shu 
Yoshlikning oliy udumi.
Somsa, perashkidan
To`ygan qorin  shu
Hamda sotkalarning
So`nggi rusumi.

Sendan kim minnatdor,
1-avgust?
Kim sening nomingga
Yogdirar gina?
Men  sening dushmaning,
Men  sen bilan do`st,
Men sening qarshingda,
Ko`rib qo`y  mana!

Bu oliy dargohning
Ostonasida
Buyuk orzularga
To`lgan dillar bor.
Unga kirmoq uchun
Ostona turib,
Tuynuklar oralab
O`tgan yo`llar bor.

Ammo nega sening
Nigohlaring jim,
Nimaga gurillab
Kelmaydi o`sging,
Isyon qilishingga
Yo`l bermaydi kim,
Nimaga sher bo`lib
Gullaydi ko`ksing?!

Toshkent, toshlaringga
Tosh otmagan kim?
Shoirman degani
Toshingdan bezor.
Mening ular bilan
bor qanday ishim?
Osha shoirlardan
Pok toshlaring bor.

Gado talashgandek
Gadodan o`rin
Ular bir-birini
Yeydi boshini.
Abdulla Orifning
Go`riga qarab
Hamon yog`diradi
Tana toshini.

Sher faqat
Amal va mansab uchun yo`l,
Yana qizdirgani 
To`y-u bazmlar.
Boshqacha bo`lishi mumkin,
Ehtimol,
Ammo juda kam-da
Usmon Azimlar.

        ***
Ey, quyoshdil shahar,
Bag`ringga bosding,
Yaxshining mehrini,
Yomonning dog`in.
Senda kezarman-u
Ko`nglimda hanuz
Yalangoyoq yurgan
Yo`llarning yodi.

Mana, yomg`ir tindi.
Ko`nglim, quvongin.
Endi
Musafforoq bo`ladi dunyo.
Faqat zarra bo`lib
Qolmaslik uchun
Tinmay yashash kerak
Yuksalguncha to.

3-4-yanvar, 2017

Suhrob Ziyo

Комментариев нет:

Отправить комментарий

Bir kunlik imkon

Tasavvur qiling. Sizga katta miqdorda pul mablag‘i foydalanish uchun berildi. Hech qanaqa foizlarsiz, javobgarliklarsiz. Eng asosiysi beminn...