пятница, 8 декабря 2017 г.

Ko‘cha haqida qo‘shiq


Shu ko`chaga botdi ilk qadamlarim.
Go`dak xayollarim emaklab o`tdi.
Tanidim qishloqning pok odamlarin
Kimdir qo`llarimdan yetaklab o`tdi.

O`sha tuproq ko`cha, bugun tosh ko`cha.
Eng go`zal yillarga yelkadosh ko`cha.
O`tsam taniysanmi endi izimni?
Seni eslaganda dilda yosh, ko`cha.

Nafrat tamom bo`ldi,
Ishq tamom bo`ldi.
Tushdek kechdim, umrim uyqucha bo`ldi,
Bolalikning moviy qushlari o`ldi,
Qolmadi. Qolgani shu ko`cha bo`ldi.

Eski kinolarning tasmasi kabi
Uzanib har faslim etgandi zohir.
O`tdim, o`taverdi film tasmasi
U ko`ngil ko`yiga aylandi oxir:

Ulg`ayib qolgandi bola tuyg`ular,
Dardga aylangudek holi bor edi.
Bir qizcha bo`lardi  xislati bekam,
Yuzida yettita xoli bor edi.

Ko`cha tugar edi darbozasida.
Ko`cha boshlanardi shu darbozadan.
Yashardi gul bo`lib gul orasida,
Kunda bir chiqardi u darbozadan.

Ko`cha! Ko`cha! Ko`cha! Baxtiyor ko`cha!
Tunlari qo`shiqlar aytib o`tardim.
Osmonimni izlab osmonlaringdan
Daydib o`tardim-a, daydib o`tardim.

Qaytib kelaverdim senga, jonajon,
Qadamim qismatim bilan tortishdi.
Men boshqa osmonman, u boshqa osmon.
Sening yuzlaringga asfalt tortishdi.

Hislarimni guldek bag`ringga ekdim,
Gurkirab turasan xotirlarimda.
Senda kezaversam, so`ngingga borib
Ulanib ketasan tomirlarimga.

Ko`chajon, sog`indim kezishlarimni,
Bilmayman oxirda meni ne kutar?
Supurib olib qo`y kechmishlarimni,
Men o`tmasam bir kun tobutim o`tar.

Suhrob Ziyo

Комментариев нет:

Отправить комментарий

Bir kunlik imkon

Tasavvur qiling. Sizga katta miqdorda pul mablag‘i foydalanish uchun berildi. Hech qanaqa foizlarsiz, javobgarliklarsiz. Eng asosiysi beminn...