воскресенье, 10 декабря 2017 г.

Xotira

Ko`nglimni sochaman zarrama-zarra,
Qolganin tanamga qaytib qo`yaman.
Sizni yomon ko`rib turib ming karra
Yaxshi ko`rishimni aytib qo`yaman.

Hajringiz mevasin terib yurgancha,
Eslaganda azob ko`rib yurgancha,
Bu azobni itdek qo`rib yurgancha,
Yaxshi ko`rishimni aytib qo`yaman.

G`urur bor. Orqaga qaytish mumkinmas.
Endi tushingizda daydish mumkinmas,
Boshqa hech narsani aytish mumkinmas,
Yaxshi ko`rishimni aytib qo`yaman.

Faqat vido aytdim uzoqdan turib,
Tovonlarim kuydi bu zaxdan turib,
Ey, vasli jannatim, do`zaxdan turib
Yaxshi ko`rishimni aytib qo`yaman.

Suhrob Ziyo

Комментариев нет:

Отправить комментарий