воскресенье, 10 декабря 2017 г.

Og‘riq

Og`riyverar devona ko`nglim
har zarbida gunoh sanchilar.
Dardi cheksiz, quvonchi so`nglim,
Goh tig`, gohi nigoh sanchilar.

Sanchiladi dunyo deganning
bu dunyoga to`ymas ko`zlari.
Goh nur sochar xudo deganning
jahannamda kuymas ko`zlari.

Ko`zlarimga sanchilaverar
manfaatni ko`lzayotganlar.
Hayhot, nega yanchilaverar
haqiqatni izlayotganlar.

Izlaganing izingdan quvsa,
Sen xudoga izillab borsang.
Atirguldek bag`ring poralab
borlig`ingi qizillab borsang.

Sangin dillar otmagan tosh yo`q,
sen tinglasang nayning navosin.
Majnunlarning ko`zida yosh yo`q,
Laylolarning esa hayosi.

Sanchib chiqar xayol ignalar
Tun to`shalgan bolishlarimga.
Kim kuladi, kimdir ingranar
Mening bo`g`iq xonishlarimga.

Menga nima? Menga har narsa
Dil yarasin choklantiradi.
Yo Xudoyim, hammaga ishq ber,
Faqat chin ishq poklantiradi.

Umidim shu, amolim shudir,
Ko`kka sanchdim nigohlarimni.
Yomg`irlarning tig`ida yuvdir,
Ko`zimdagi gunohlarimni.

Og`riyversin baxtiyor ko`nglim,
Haq deb zaqqum yutib boraman.
Sanchib-sanchib yerga qadamni
Dunyosidan o`tib boraman.

Suhrob Ziyo

Комментариев нет:

Отправить комментарий

Bir kunlik imkon

Tasavvur qiling. Sizga katta miqdorda pul mablag‘i foydalanish uchun berildi. Hech qanaqa foizlarsiz, javobgarliklarsiz. Eng asosiysi beminn...