Hazillar zillana boshladi,
Sabrlar qillana boshladi.
Chirt etib uzildi bor sabot,
Azoblar mo`llana boshladi.
Yuragim, bir kosa may ichgin.
Borlig`im mastlikka shay, ichgin.
Dardlarim eng ichkin, eng ichkin
Yuragim tillana boshladi.
Nedir ul? Yo qasam, yo niyat?
Angladim, ishq ekan mohiyat.
Sen bilan o`tgan har soniya
Xotirda yillana boshladi.
Xayolim ketdi yo`l ko`rsatib,
Har fasl bir vasl fursati.
Tegramda har daraxt soat-u,
Har yaproq millana boshladi.
Hazillar zillana boshladi,
Tillarim dillana boshladi,
Osmonlar egilib ko`zimdan
Yomg`irlar elana boshladi.
Ishq degan yomg`irga yer gado.
Shohlikka o`rangan sir gado.
Ko`ksimda bir gado, bi-irr gado
Muhabbat tilana boshladi
Muhabbat tilana boshladi.
Suhrob Ziyo
Комментариев нет:
Отправить комментарий