воскресенье, 10 декабря 2017 г.

Fikr. Parvoz

Ko`z tiniq tortadi, uyg`onsang xobdan.
Dunyo ko`zgusida aks etgach sarob
Ongning tub-tubiga cho`kkan azobdan
Yuksalib boradi mangu iztirob.

Fikr tomir yozar nigohinggacha,
Ko`zing kosasidan sachrab ketar tong.
Tuman xil tarqagan gumonlar ichra
To`lg`onib-to`lg`onib uyg`onadi ong.

Sen o`zib ketasan nur tezligidan,
Qo`zg`olar qalbingda Xoliqlik qo`ri.
Hapqirib olamning cheksizligidan
Ko`ksingni toptaydi tulpor uyuri.

Men kimman?
Men kimman?
Men kimman deya
Bir savol bandida mudom bog`liqsan.
Borliqdan borliqni izlaysan nega?
Sen o`zing borliqsan, o`zing borliqsan.

Oliy haqiqatni etgaydir ayon,
Dahriy ibodati, osiyning dori.
Bir hovuch zilolni sipqorganing on,
Yodingga tushadi tog`larning qori.

Chinor yaprogiga termulganingda
Uning ildiziga nazar tashlaysan.
Qulaysan boshliqqa urilib birdan,
So`ng oddiy odamday yashay boshlaysan.

Yelkalar, qorinlar aro surinib,
Zumda g`oyib bo`lar parvoz nafasi.
Seni kutib olar katta shaharning
Qay bir burchakdagi yemakxonasi.   

Suhrob Ziyo

Комментариев нет:

Отправить комментарий