пятница, 15 декабря 2017 г.

Adashish

Bizni ishqning gadolari adashtirdi,
Shirin so‘zning adolari adashtirdi,
Nurga ko‘zgu bo‘lgan toshni oy debmiz biz,
Tong-u shomning arolari adashtirdi.

Tongday ketdik bitta shomning izlaridan,
Yana tongdek otmoq uchun ko`zlaridan,
Ortga qaytdik Shayx San‘onning izlaridan,
Ul sanamning xinolari adashtirdi.

Qaydan bilsin o‘tparastning zuryodlari,
Bir Ka‘bani vayron qildi farhodlari,
Tangriga yo‘l ochar devdim azoblari,
Ishqsiz dilning "xudo"lari adashtirdi.

Kuymoq dardi bizga ravo bo‘lib kelgan,
Ko‘zlarimiz motamsaro bo‘lib kelgan,
Ul go‘zallar go‘zal xato bo‘lib kelgan,
Xatolarning xatolari adashtirdi.

Ay, bir ketsak vafosi bor o‘lkalarga,
Orzulardan qanot bog‘lab yelkalarga,
Daraxtman deb kerilgan bu to‘nkalarga
Kuldik, qaddi rasolari adashtirdi.

Ikki dilning bir suygusi ibodatdir,
Ishq olamni isitguchi haroratdir,
Yarim dunyo muhabbatdan iboratdir,
Qolgan yarim dunyolari adashtirdi.

15.12.2017
Suhrob Ziyo

Комментариев нет:

Отправить комментарий

Bir kunlik imkon

Tasavvur qiling. Sizga katta miqdorda pul mablag‘i foydalanish uchun berildi. Hech qanaqa foizlarsiz, javobgarliklarsiz. Eng asosiysi beminn...