суббота, 9 декабря 2017 г.

JALOLIDDIN MANGUBERDINING TEMUR MALIKKA AYTGANI

O`jar bo`ldim,
O`jar bo`lding,
Sen Maliki Xo`jand bo`lding.
Men-la sarson ko`char bo`lding.
Bolamizdan kechar bo`ldik,
Yorimizdan kechar bo`ldik
Borimizdan kechar bo`ldik,
Vatan qolsin,
Vatan qolsin.

Jonim oqar Jayhun bo`lib,
Joning oqar Sayhun bo`lib.
Chingiz kelar
Chingiz kelar
O`tgan yeri ashk, xun bo`lib.
Kim nomusdan mahrum bo`lib,
Kimdir qolar mahkum bo`lib,
Tomirlarim qaqshab ketar,
Hayqiraman majnun bo`lib:
Vatan qolsin,
Vatan qolsin.

Anov yongan Gurganchmi-yo?
Unda yotgan bir ganjimi-yo?
Qo`llarida yov yalovi,
To`ni kafan Shayxim Kubro:
Donishidan tongan elga
Kelgan balo  ketmas qazo.
O`zing asra, Yo Iloho!
Ozing asra, Yo Mustafo!
Vatan qolsin,
Vatan qolsin.

Otam qochsa yurtni tashlab,
Onam yursa fitna boshlab,
Inim Oqshoh poylab tursa
Izlarimdan tig` taroshlab.
Qayga boray dilni g`ashlab?
Qayga boray ko`zni yoshlab?
Peshvolari yursa oshlab,
Botirlari jonni tiksa,
Biz-chi, ketsak jangga boshlab.
Vatan qolsin,
Vatan qolsin.

Kuning shumi, Xorazmyurt?
Gohi xor yurt, goh azim yurt.
Senga solsam bir razm, yurt,
To`rt tomoning jang  razm, yurt.
Istaganim toj-u taxtmas,
Istadim yurt, istadim yurt.
Gulga cho`msin, istagim, yurt.
Nurga cho`msin, istagim, yurt.
Vatan qolsin,
Vatan qolsin.

Vatan nadir, Vatan shuldir:
Sulton uldir, zobit uldir,
O`z erkida sobit uldir,
Kim boshini egsa, quldir.
Temur Malik,
Temur Malik,
Shamshiringni quchib uxla,
Tushingda ham yovni o`ldir,
Tushingda ham yovni o`ldir.
Vatan qolsin,
Vatan qolsin.

Mungli ko`zlar mo`ltiradi,
Najot kutib o`ltiradi,
Noahl el, rishvagar el
Dushmanini kuldiradi.
Dushman bizga tengsiz emas,
E-voh, bizni Chingiz emas
Bitta xoin o`ldiradi,
Bitta xoin o`ldiradi.
Biroq o`lim so`ngso`z emas.
Vatan qolsin,
Vatan qolsin.

Suhrob Ziyo

Комментариев нет:

Отправить комментарий