Qachon vojib bo'lar illat qazosi?
Qachon tan oladi bandalar bandin?
YO yorug' olamning tanho xudosi
oshiq o'ynaydimi sinab odamni?
Tilingni tishlaysan,
mushting tugilar,
o'zin ko'z-ko'z qilsa kaltafahmlar.
Unutma, mo'rt novda oson egilar.
Unutma ojizni eraz vahmlar.
Bo'ronlar kutadi toleyimizda,
kim qolar zaminga qadab tomirin?
Erta gullaganlar xas kabi uchar.
Vazminlar qoladi,
qolar og'iri.
Sapchinma,
titirama,
bo'g'ilma,
o'lma,
yuksalma lainning maqomotida.
Dunyo ne'matiga talabgor bo'lma.
Ayrilma Xoliqning saxovatidan.
Chin qushni parvozlar kutayotganda
poyida sochilgan donni ko'rmaydi.
Eshaklar karvoni o'tayotganda
zotin unutmagan itlar hurmaydi.
Bir dam gulligini unutmaydi gul.
Chinor soyasini qizg'rnmas cho'pdan.
Lek o'zin hoqondan ustun bilgan qul,
haddnini bilmagan gumrohlar ko'p-da.
Qani, hammasini unutib birdan,
cho'kindi nafratga yasolsang poyon.
Qarshingda mehr-la termulib turgan
mustarin nigohga sadqa qilsang jon.
Yoddan o'chib ketsa dunyoning ismi,
ko'ngil zaminiga aylansa fazo.
Muhabbat Xudoning eng ulkan qismi.
Muhabbat eng tiniq ko'ngilga jazo.
Tamom. Ishqdan o'zga topilmas najot,
bir oh oson aylar jonning mushkulin.
Senga ravo bo'lar eng shirin hayot.
Senga ravo bo'lar eng go'zal o'lim.
Suhrob Ziyo
Комментариев нет:
Отправить комментарий