пятница, 8 декабря 2017 г.

Juda olisdasiz...

Juda olisdasiz, yetib bo'lsaydi,
Bellashib tolaman raqibim  vaqtdan.
Lekin sizni tashlab ketib bo'lmaydi,
Kechib bo'lmaydi-da bu achchiq baxtdan.

Bir so'z axtaraman oshiq xayliga
Aytsam, mahshargacha yig'lagan bir so'z.
Bir so'z axtaraman, Majnun Layliga
Yusuf Zulayhoga aytmagan bir so'z.

Tazarru qilaman tuproqni tirnab,
Mo'jizadek boqib har zarra changga.
Mag'rur yuragiga tig' sanchib, qiynab
Askarlar yo'llayman ishq otlig' jangga.

Vaqt... Vaqt toliqtirar, xayol tentirar,
So'z izlab qaraydi har masrur ko'zga.
Ko'hinur g'amlarni topib keltirar,
Sizga... sizga... sizga...
Hammasi sizga.

Jimlik qichqiradi to'rtta yonimdan,
Olisdagi oyday kulib qaraysiz.
Eng olov zarrani olib qonimdan
Shunda ishq bormi, deb jimjit so'raysiz.

Aytaman, bor degim keladi, ammo
Bor deya aytmoqqa borliqda so'z yo'q.
Ming-ming lug'atlarda bir so'z muammo,
Ming-ming lug'atlardan izladim: siz yo'q.

Juda olisdasiz, u qaysi osmon?
Ko'nglimga sig'armi bu falak toqi?
Milliard yulduzlarni nomlamoq oson,
Qiyindir bir so'zning tilga chiqmog'i.

Bu qora qismatdan baxt kutdim oppoq,
So'z kutdim har lafzi nurga qorishlik.
Sizga nasibmikan uni tinglamoq,
Menga nasibmikan aytib o'lishlik?

Suhrob Ziyo

Комментариев нет:

Отправить комментарий

Bir kunlik imkon

Tasavvur qiling. Sizga katta miqdorda pul mablag‘i foydalanish uchun berildi. Hech qanaqa foizlarsiz, javobgarliklarsiz. Eng asosiysi beminn...